Dunyoviy davlat: Yangi O‘zbekistonning strategik tanlovi

“O‘zbekiston – dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Xalqimizning referendum orqali bildirgan xohish-irodasi, qat’iy tanlovi ham shu!” 

Shavkat Mirziyoyev


 

Yangi O‘zbekiston dunyoviy davlat sifatida o‘zining strategik tanlovini amalga oshirayotganda, u global siyosiy maydonda milliy manfaatlarni himoya qiluvchi, demokratik institutlarni mustahkamlovchi va fuqarolarning erkinlik hamda teng huquqlilik prinsiplarini kafolatlovchi ilg‘or boshqaruv modelini amaliyotga tatbiq etmoqda. Shu nuqtai nazardan, dunyoviylik konsepsiyasi nafaqat ichki siyosiy barqarorlikni ta’minlash, balki Yangi O‘zbekistonni global demokratik va institutsional standartlar bilan uyg‘unlashtirishning strategik vositasi sifatida ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, dunyoviylik Yangi O‘zbekistonning institutsional transformatsiya jarayonida ijtimoiy integratsiya, huquqiy inklyuzivlik va fuqarolik faolligini rag‘batlantiruvchi markaziy tamoyil sifatida xizmat qiladi. U davlat institutlari faoliyatini vijdon va diniy erkinlikni ta’minlash me’yorlari bilan uyg‘unlashtiradi, siyosiy partiyalar va fuqarolik tashkilotlarining neytral va demokratik faoliyatini kafolatlaydi, shuningdek, milliy suverenitetni mustahkamlash hamda global hamkorlik maydonida samarali integratsiyani amalga oshirish imkoniyatini yaratadi. Shu tariqa, dunyoviylik konsepsiyasi Yangi O‘zbekistonning ichki siyosiy barqarorligi, demokratik modernizatsiya va xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirish strategiyasida asosiy institutsional va normativ poydevor sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida shakllanayotgan hozirgi bosqich mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli modernizatsiya jarayonlarining mantiqiy natijasidir. So‘nggi sakkiz yillik islohotlar mamlakatni xalqaro maydonga yanada ochib, Markaziy Osiyo makonida barqarorlik va ishonch muhitini mustahkamladi. Avvallari mavjud bo‘lgan chegara ziddiyatlari, o‘zaro yopiqlik va ishonchsizlik muhitining tugatilgani Prezident tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ham alohida qayd etildi.

Uchinchi Uyg‘onish davriga asos solish g‘oyasi ham ushbu jarayonning strategik mazmunini belgilab bermoqda. Davlat rahbarining siyosiy irodasi, islohotlarga sodiqligi, so‘z va amal birligi xalqaro hamjamiyatning e’tiborini O‘zbekistonning yangi taraqqiyot modeliga qaratdi. Bugungi kunda Markaziy Osiyoda yangi intellektual va geoiqtisodiy kuch markazi shakllanayotgani, “yana bir Uyg‘onish davri” boshlanishi haqidagi tasavvurlarni mustahkamlamoqda.

Dunyoviy davlatda millati, tili yoki e’tiqodidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi asosiy konstitutsiyaviy mezon sifatida e’tirof etiladi. Din va davlatning ajratilganligi – boshqaruv jarayonlarining diniy normalar asosida emas, balki Konstitutsiya va qonunlar asosida olib borilishini ta’minlaydi.

2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatlagani, jamiyatning Yangi O‘zbekiston g‘oyalariga sodiqligini yaqqol namoyon etdi. Yangi Konstitutsiya xalqimizning orzu-intilishlari, demokratik qadriyatlari va yangilanish istaklarining huquqiy ifodasiga aylandi.


Diniy erkinlik va konfessiyalararo totuvlikning ijtimoiy qiymati

Bugungi kunda mamlakatda 16 konfessiyaga mansub 2337 ta diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Turli e’tiqod vakillarining bir makonda erkin yashashi va itoat qilishi, avvalo, diniy erkinlikning kafolatlanganligi, shuningdek, davlatning diniy munosabatlarga nisbatan betaraf siyosati bilan izohlanadi.

Dunyo bo‘yicha 5000 dan ortiq din va yo‘nalishlar mavjud bo‘lsa, 195 dan ortiq davlatning aksariyati dunyoviy modelni qabul qilgan. Dunyoviylik zamonaviy demokratik davlatning ajralmas prinsipi sifatida global siyosiy tajribada keng e’tirof etilgan.

Dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlarida dunyoviy davlat maqomining qonuniy belgilanishi global siyosiy amaliyotda dunyoviylikning ustuvorligini tasdiqlaydi. Hatto tarixan davlat dini mavjud bo‘lgan mamlakatlarning o‘zi – Angliya, Shotlandiya, Kanada yoki Finlandiya – real boshqaruv amaliyotida dunyoviylik prinsiplariga tayanib kelmoqda. Demak, dunyoviylik bugungi demokratik boshqaruvning universal modeli sifatida shakllangan.

Yangi O‘zbekistonning dunyoviy davlat sifatidagi maqomining Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilishi davlat hokimiyatining faqat qonunlarga tayanib faoliyat yuritishini, barcha qarorlar va siyosiy jarayonlarning diniy ta’sirdan mustaqil bo‘lishini, shu bilan birga jamiyatdagi diniy qadriyatlarning hurmat qilinishini ta’minlaydi. Bu model davlatning mafkuraviy betarafligini saqlagan holda, fuqarolarning e’tiqod erkinligi, adolat va tenglik prinsiplarini to‘liq kafolatlaydi.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonda har bir insonning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech bir dinga e’tiqod qilmaslik huquqi kafolatlangan, diniy qarashlarni zo‘rlab singdirish taqiqlangan. Shaxsning e’tiqodiga ko‘ra unga qo‘shimcha majburiyat yoki imtiyoz berilmaydi.


Din va davlat: demokratik betaraflik va diniy hamjihatlik tamoyillari

Dunyoviy davlatda barcha din vakillari qonun oldida teng. Bu tamoyil dinning davlatdan ajratilganini, biroq jamiyatdan ajralmaganligini bildiradi. Bunda davlat:

· o‘z legitimligini biror diniy pozitsiya bilan bog‘lamaydi;

· jamiyatdagi turfaxil e’tiqodlar orasida betaraf turadi;

· ko‘pchilik yoki kamchilik diniy guruhlar tomonida bo‘lmaydi;

· barcha uchun bir xil huquqiy munosabatni ta’minlaydi.

Dunyoviy davlat diniy masalalarda aralashuvdan tiyiladi, lekin konfessiyalarning qonuniy faoliyat yuritishi uchun institutsional sharoit yaratadi, ularning ichki ishlariga aralashmaydi va dindorlarning ehtiyojlarini qondirish yo‘lida konstitutsiyaviy kafolatlarni ta’minlab beradi.

Dunyoviy davlat tamoyili zamonaviy O‘zbekistonning ochiqlik, islohotlar va modernizatsiya siyosatiga keng yo‘l ochib bermoqda. Konstitutsiyamiz Muqaddimasi davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi sifatida Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga xizmat qiladigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillarni aniq belgiladi.

2023-yilda qabul qilingan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida mamlakatimizning siyosiy-huquqiy tabiatiga doir asosiy qoidalar mustahkamlandi:
“O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.”

Dunyoviy davlat – bu davlat hokimiyati diniy institutlardan ajratilgan, boshqaruv diniy normalar emas, Konstitutsiya va qonunchilik asosida olib boriladigan davlatdir. Bu tamoyil hech bir din yoki mafkurani davlat darajasida ustuvor qilmaslikni, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymaslikni nazarda tutadi.

Dunyoviylikning asosiy maqsadi – jamiyatdagi barcha din va diniy qarash egalari uchun teng huquqiy maydon yaratish, fuqarolarning ta’lim olish, fikrlash, e’tiqod va rivojlanishdagi erkinligiga zamin yaratishdir. Chunki dunyoviy ta’lim va ilm-fan erkinligi ijtimoiy ongni yuksaltiruvchi, taraqqiyotga tayanch bo‘ladigan yetuk shaxsni shakllantiradi.


Din va davlat munosabatining konstitutsiyaviy mezonlari

Zamonaviy O‘zbekiston jamiyatida dunyoviylik quyidagi uch fundamental qadriyatga asoslanadi:

1. Vijdon erkinligi

2. Barcha din va diniy tashkilotlarning qonun oldida tengligi

3. Dinning siyosatdan ajratilganligi

Konstitutsiyamizning 75-moddasida: “Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi”, degan norma mustahkamlangan.

Bu tamoyilga ko‘ra, davlat diniy jarayonlarga betaraf yondashadi, ularni nazorat ostiga olish yoki ateistik targ‘ibot yuritishdan tiyiladi. Shu bilan birga, dinning jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rnini tan oladi, uning ijobiy rivoji uchun zarur sharoit yaratadi.

Dunyoviy davlatning vazifasi – jamiyatdagi dinlararo totuvlikni saqlash, dindorlarning huquqlarini kafolatlash, lekin diniy omildan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Yangi Konstitutsiyaning 33–35-moddalari bu borada aniq kafolatlar beradi:

· Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligiga ega.

· Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega.

· Diniy qarashlarni majburan singdirish taqiqlanadi.

Demak, dunyoviy davlat fuqarolarning e’tiqod erkinligini to‘liq kafolatlaydi, lekin diniy tuyg‘ular ortidan siyosiy manipulyatsiya qilinishiga qat’iy qarshi turadi.


Dunyoviylik – O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikning kafolati

Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan ketayotgan davlatlar qatoriga kiradi. Bu yo‘lning mazmuni quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

· Turli konfessiyalar vakillarining tinch-totuv hayoti davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir.

· Davlat hech qaysi dini ustun qo‘ymaydi va hech bir diniy oqimga qarshi kurashni maqsad qilmaydi.

· Ateizm yoki klerikalizmga og‘ishning oldi olinadi – davlat mafkuraviy jihatdan neytral bo‘lib qoladi.

· Diniy tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishi qonun bilan kafolatlanadi.

Bu mezonlar asosida quyidagi xulosalar shakllanadi:

Birinchidan, din O‘zbekistonda madaniy va ma’naviy qadriyatlarning teng huquqli qismi sifatida tan olinadi. Turli din vakillarining totuv yashashi davlat siyosatining ajralmas qismidir.

Ikkinchidan, diniy omildan siyosiy manfaat yo‘lida foydalanishga, diniy populizmga, diniy ekstremizmga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Shunga qaramay, diniy tashkilotlarning ijtimoiy hayotdagi ijobiy o‘rnini mustahkamlashga davlat ko‘mak beradi.


Islomda dunyoviylik tamoyili va jamiyat taraqqiyotiga ta’siri

Islomda dunyoviylik  insonning dunyo va oxirat masalalariga nisbatan mo‘tadil, ma’naviy mezonlarga asoslangan yondashuvini anglatadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning “Sizlarning yaxshilaringiz dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni unutmaganlaringiz” degan hadisi ham ayni shu muvozanatni targ‘ib qiladi. Bu tamoyil foniy va boqiy dunyoning ruhiy-axloqiy jihatdan uyg‘unligini ifodalaydi.

Ulug‘ ajdodlarimiz azal-azaldan dunyo va oxiratni qarama-qarshi qo‘ymay, ularni o‘zaro mushtarak holda talqin qilganlar. Hadisi shariflarda ta’kidlangan “Oxiratni o‘ylab dunyoni, dunyoni o‘ylab oxiratni esdan chiqarmanglar” degan pand shu yondashuvning mohiyatini belgilaydi.

Islom dinida dunyoviylik dinsizlik emas, aksincha, Qur’on va Sunnada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan tamoyildir.

– Baqara surasi, 201-oyat insonning bu dunyo farovonligi uchun ham harakat qilishi zarurligini ko‘rsatadi: “Ey Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik, oxiratda ham yaxshilik ato etgin...”

– “Dinda zo‘rlash yo‘q” (Baqara, 256) oyati esa dunyoviylikning asosiy konstitutsion tamoyiliga hamohang bo‘lib, diniy majburiylikni qat’iyan rad etadi.

– Qasas surasi, 77-oyatda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin”
deyilgan. Abu Lays Samarqandiy bu oyatni “Bu dunyodagi nasibangni tark qilmagin, toki oxirating uchun xizmat qilsin” deya izohlaydi.

Islom ta’limotida insonning o‘zi, oilasi, jamiyati va ijtimoiy munosabatlar oldidagi burchlari borligi ta’kidlanadi. Shuning uchun din dunyoviy faoliyatni qo‘llab-quvvatlaydi va uning ma’naviy mezonlarini belgilab beradi.

Kahf surasi, 29-oyatda: “Xohlagan imon keltirsin, xohlagan inkor etsin…” deb, dinning majburiy emasligi yana bir bor mustahkamlanadi. Ushbu oyat insonning e’tiqod masalasida to‘liq ixtiyor egasi ekanini, o‘z amali uchun o‘zi mas’ul bo‘lishini bildiradi.

Sahobalar hayoti dunyo va oxirat muvozanatining amaliy namunasidir:

– Hazrati Umar (r.a.): “Sizlarning yaxshingiz u dunyo va bu dunyo uchun harakat qilganingizdir”, deb ta’kidlaydi. Rivoyatlarda u masjidda faqat ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib, mehnatdan chetda qolgan yoshlarni dunyoviy ishga chaqirgani zikr qilinadi.

– Hazrati Ali (r.a.): “Bu dunyo uchun abadiy yashaydigandek, oxirating uchun ertaga vafot etadigandek amal qil” degan hikmat bilan muvozanat tamoyilini mukammal ifodalagan.

Bu qarashlarning barchasi Islomda dunyoviylikni inkor emas, balki qo‘llab-quvvatlash borasidagi yondashuvni mustahkamlaydi.

Yuqoridagi dalillardan kelib chiqib, Islom dunyoviylikni dinsizlik sifatida baholamaydi. Aksincha:

– Dunyoviy ishlar – shaxs, oila va jamiyat manfaatini ko‘zlaydi.

– Din esa dunyoviy faoliyatning ma’naviy mezonini belgilaydi (halol-harom, savob-gunoh, adolat, halollik).

– Islom jamiyatda ma’naviyat, etik tarbiya va ezgu fazilatlarni mustahkamlovchi asosiy manba sifatida e’tirof etiladi.

Demokratik davlatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham, din – axloqiy-ruhiy tarbiya manbai, dunyoviylik esa davlat boshqaruvining huquqiy tamoyili sifatida qaraladi.


Dunyo–din munosabatlari: demokratik tamoyillarning ikki asosiy jihati

Demokratik konstitutsion tizimlarda ikki asosiy prinsip ajralib turadi:

1. Din jamiyat ma’naviyatining manbai sifatida hurmat qilinadi.
Din insonparvarlik, halollik, poklik, bag‘rikenglik kabi fazilatlarni mustahkamlovchi yuksak qadriyat deb qaraladi.

2. Dindan siyosiy maqsadlarda foydalanish qat’iyan man etiladi.
Diniy omil orqali hokimiyatga intilish, diniy radikalizm, siyosiylashtirish demokratik tartibotga zid hisoblanadi.

Mustaqillikdan buyon O‘zbekistonda dunyoviy demokratik davlat qurish yo‘lida din va dunyoviylik nisbatini to‘g‘ri belgilash dolzarb masala bo‘lib kelmoqda.

· Diniy ongni siyosiylashtirish va radikallashtirishga qaratilgan ayrim harakatlar hali ham uchrab turadi.

· Turli ekstremistik oqimlar islom niqobi ostida jamiyat barqarorligiga tahdid solishga urinmoqda.

· Bunday xavflar fonida dunyoviylik davlat barqarorligi va konfenssiyalararo totuvlikning kafolatiga aylanmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi, shuningdek “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun dunyoviylik tamoyilini huquqiy jihatdan mustahkamlaydi. Mamlakat dunyoviy-demokratik yo‘lni tanlagan, bu esa jamiyatda diniy erkinlikni ta’minlash bilan birga, siyosatning diniy ta’sirdan holi bo‘lishini kafolatlaydi.

Dunyoviy boshqaruvning asosiy komponentlari – qonunlarning ustuvorligi, siyosiy institutlarning diniy mafkuralardan mustaqilligi, saylov jarayonlarining konfessiyaviy ta’sirdan xoli bo‘lishi, shuningdek davlat xizmati va ta’lim tizimining dunyoviy tamoyillarga asoslanishi – demokratik tizimning funksional yaxlitligini ta’minlamoqda. Mazkur mexanizmlar jamiyatda e’tiqod erkinligini kafolatlagan holda, diniy pluralizm va fuqarolik birliklari o‘rtasidagi muvozanatni saqlaydi, mafkuraviy monopoliyalarning oldini oladi hamda siyosiy maydonning ochiqligini ta’minlaydi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Yangi O‘zbekiston sharoitida dunyoviylik nafaqat konstitutsion me’yor, balki strategik taraqqiyot modelining uzviy tarkibiy qismiga aylangan. Dunyoviylik – davlatning mafkuraviy betarafligini, jamiyatning esa e’tiqod va fikr xilma-xilligini himoyalovchi asosiy siyosiy mexanizm sifatida mamlakatning modernizatsiya jarayonlarida muhim rol o‘ynaydi.

Muhriddin SODIRJONOV,

Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti

image

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image